O‘zbekistonda “Sanoat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 9 oktyabrdagi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan mamlakatda sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi.
Shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yetuk mutaxassislarni tayyorlash, sohada fidokorona mehnat qilish va yuqori natijalarga erishish hamda ijtimoiy faolligi bilan namuna bo‘layotgan mahalliy va xorijiy investorlar, tadbirkorlar va soha xodimlari ham mukofotlanishi mumkin. Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ham taqdirlashga ruxsat etiladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili 10 mayga qadar sanoatning turli sohalariga mas’ul respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan nomzodlar bo‘yicha taqdimnomalarni qabul qiladi.
Taqdimnomaga nomzodning ma’lumotnomasi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va so‘nggi besh yil davomida sanoat sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati aks ettirilgan tavsifnoma ilova qilinadi.
Nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida komissiya va ishchi guruh tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga sanoat korxonalari vakillari, yetakchi mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari kiritilishi mumkin.
Ishchi guruh hujjatlarni o‘rganib, har yili 1 iyunga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa tayyorlaydi. Komissiya esa 10 iyunga qadar taqdirlanadigan shaxslar yuzasidan qaror qabul qiladi. Ko‘krak nishoni Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan beriladi va har yili 27 iyun — Xalqaro sanoat xodimlari kuni arafasida tantanali ravishda topshiriladi. Taqdirlanganlarga tegishli guvohnoma ham beriladi.
Bir shaxs ushbu ko‘krak nishoni bilan faqat bir marta mukofotlanishi mumkin. Nishon davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi. Qarorga muvofiq, mukofotni tayyorlash va taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.