Turkiyaning «Trabzonspor» klubi hujumchisi Muhammad Saloh shaxmatga bo‘lgan qiziqishi haqida so‘zlab berdi.
61saat sayti ma’lumotlariga ko‘ra, misrlik futbolchi bo‘sh vaqtining katta qismini shaxmat o‘ynashga bag‘ishlaydi. U Turkiyadagi onlayn platformalardan birida muntazam ravishda shaxmat o‘ynab kelmoqda.
Qayd etilishicha, Salohning shaxmatdagi reytingi 1400 ochkoni tashkil etadi.
«Shaxmatga bo‘lgan ishtiyoqim aqldan ozish darajasiga yetdi. Men deyarli har kuni shaxmat o‘ynayman va bu o‘yinni juda yaxshi ko‘raman», — dedi futbolchi.
Saloh o‘tgan yozda erkin agent sifatida «Trabzonspor» safiga qo‘shilgan edi. Shundan buyon u Turkiya klubi tarkibida 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ushbu natijalar misrlik hujumchini jamoaning eng muhim futbolchilaridan biriga aylantirgan.
«Trabzonspor» navbatdagi uchrashuvini 19 oktyabr kuni «Beshiktosh»ga qarshi o‘tkazadi.
Ayni paytda «Trabzonspor» Turkiya chempionati musobaqa jadvalida 13 ochko bilan beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa to‘rtinchi pog‘onadagi «Beshiktosh»dan ikki ochko ortda qolmoqda.
Chempionatda esa 19 ochko jamg‘argan «Galatasaroy» peshqadamlik qilmoqda.