Mamlakatning intellektual salohiyati nafaqat iste’dod egalarining yutuqlari, balki har bir insonning qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun yaratiladigan imkoniyatlar ko‘lami bilan ham belgilanadi.
Kecha beshinchi bor o‘tkazilgan «Zakovat-Gambit» shaxmat turniri g‘oliblari taqdirlandi. Bu yilgi musobaqa 6 mingga yaqin ishtirokchini birlashtirdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p. Ularning 633 nafarini ayol va qizlar tashkil etdi. Bu raqamlar zamirida intellektual bellashuvlarga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani, ilmga intilish hamda yoshlarimizning o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi mujassam.
O‘zbekiston xalqaro shaxmat maydonida havas qilgulik natijalarga erishib kelmoqda. Biroq bundan-da muhim yana bir omil bor: yurtimizda har bir insonning aqliy salohiyatini to‘liq namoyish etishga xizmat qiluvchi muhit shakllanmoqda.
— «Zakovat» loyihasining alohida ahamiyatini men aynan shunda ko‘raman. Bu loyiha iqtidorli yoshlarni kashf etibgina qolmay, balki tafakkur madaniyatini, mustaqil fikrlash va oqilona qarorlar qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Zero, yurtimiz kelajagi yosh avlodning nafaqat qanchalik bilimli ekaniga, balki shu bilimlarni qay darajada qo‘llay olishi va fikr doirasiga ham bog‘liq, — deb yozdi Prezident administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.