Saudiya Arabistoni janubida havo hujumlari davom etmoqda. Mamlakat boshchiligidagi koalisiya ikkita ballistik raketa va to‘rtta dron havoda ushlab qolinganini ma’lum qildi.
Koalisiya bayonotiga ko‘ra, raketalar Xamis-Mushayt va Jizon shaharlari ustida yo‘q qilingan, to‘rtta dron esa Xamis-Mushayt yaqinida urib tushirilgan.
Keyinroq Saudiya Arabistoni Fuqaro mudofaasi xizmati Xamis-Mushayt shahriga ushlangan raketalardan birining parchalari tushganini xabar qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, raketa husiylar tomonidan aholi yashaydigan hududlar tomon uchirilgan.
Raketa parchalari bir nechta bino va avtomobillarga zarar yetkazgan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Koalisiya husiylarni tiyib turish uchun zarur choralarni davom ettirishini bildirgan. Ushlangan raketa va dronlarning kelib chiqishi bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmagan.
Avvalroq, 29 sentyabr kuni koalisiya Madina shahridagi elektr taqsimlash stansiyasiga dron hujumi uyushtirilganini ma’lum qilgan edi. Hujum oqibatida transformatorlardan biri ishdan chiqqan, biroq elektr tarmog‘i faoliyatida uzilish kuzatilmagan.
Ayni paytda Hurmuz bo‘g‘ozida tanker bilan bog‘liq alohida hodisa ham qayd etilgan. Britaniyaning dengiz savdo operasiyalari xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tanker bo‘g‘ozdan o‘tayotgan vaqtda noma’lum snaryad zarbasiga uchragan va kemada yong‘in chiqqan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ekipaj a’zolari xavfsiz. Kemaga yetkazilgan zarar ko‘lami va ehtimoliy ekologik oqibatlar hozircha aniq emas.
Eronning Fars agentligi mahalliy manbalarga tayanib, hodisa 2,5 million barrel sig‘imga ega supertanker bilan bog‘liq ekanini xabar qildi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, kema Ummon sohilidan taxminan 8 kilometr masofada bo‘lgan va «ruxsat etilmagan yo‘nalish» bo‘ylab harakatlangan.
Tankerga kim tomonidan va qanday sharoitda snaryad tekkani hozircha aniqlanmagan.