Bugun 10 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Rus tilida muloqot qilgan futbolchi Ukraina klubi sardorligidan mahrum qilindi

Rus tilida muloqot qilgan futbolchi Ukraina klubi sardorligidan mahrum qilindi

Ukrainaning “Karpati” futbol klubi himoyachisi Denis Miroshnichenkoni sardorlik bog‘ichidan mahrum qildi. Bu haqda klubning rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, futbolchi Shvesiyaning “GAIS” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan jamoadoshlariga rus tilida murojaat qilgan. Uchrashuv yakunlanganidan taxminan ikki soat o‘tib, Miroshnichenkoni sardorlikdan chetlatish haqida qaror qabul qilingan.

Klub bayonotida aytilishicha, yangi sardor jamoa ichki tanlovi orqali aniqlangan. Natijada “Karpati”ning yangi sardori etib Vladislav Baboglo tayinlangan.

“Bugungi nazorat uchrashuvi oldidan sardor Denis Miroshnichenkoning harakatlari sababli jamoa yangi sardorni tanlaydi. Tanlov natijalari haqida klub qo‘shimcha ma’lumot beradi”, deyiladi klub xabarida.

Ma’lumot uchun, 31 yoshli Denis Miroshnichenko 2024-yildan beri “Karpati” sharafini himoya qiladi. Shuningdek, u 2013–2019-yillar davomida ham ushbu klub safida to‘p surgan. Umuman olganda, futbolchi faoliyati davomida Ukrainaning bir qancha klublari — “Krivbass”, “Aleksandriya” va “Dnepr-1” safida ham to‘p tepgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni boshlagan. Shundan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, siyosiy va ijtimoiy sohalarda ziddiyatlar saqlanib qolmoqda.

Kiritildi: 22:50 09.02.2026. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!