Bu haqda "Na svyazi" xabar berdi.
“Na svyazi” loyihasining ma’lum qilishicha, Rossiyada internet-resurslarni cheklashning yangi usuli qo‘llanila boshlandi. YouTube, Instagram, WhatsApp Web hamda qator mustaqil ommaviy axborot saytlarining manzillari Milliy domen nomlari tizimi (MDNT) ro‘yxatidan o‘chirib tashlanmoqda.
Loyiha xabariga ko‘ra, muammo “suveren internet” konsepsiyasi doirasida yaratilgan MDNT faoliyati bilan bog‘liq. Ayrim internet-provayderlar aynan shu milliy DNS xizmatidan foydalangani sababli, foydalanuvchilarning bir qismi qator saytlarga kira olmayapti. Biroq MDNTdan foydalanmaydigan operatorlar mijozlari uchun ushbu resurslar ishlashda davom etmoqda.
“Na svyazi” vakillari The Insider nashriga bergan izohida bu holat tasodifiy texnik nosozlik emas, balki Roskomnadzor tomonidan manzillarni ataylab o‘chirish natijasi ekanini ta’kidladi.
Loyiha tomonidan tekshirilgan 50 ta saytning 13 tasida MDNT yozuvlari mavjud emasligi aniqlangan. Bu esa milliy DNS xizmatidan foydalanuvchi provayderlar abonentlari mazkur manbalarni ocholmasligini anglatadi. Ular orasida Rossiyada rasman bloklanmagan, faqat sekinlashtirilgan saytlar ham bor.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, MDNT tufayli unresolved holatidagi domenlar orasida www.youtube.com, www.web.whatsapp.com, www.bbc.com, www.currenttime.tv, www.dw.com, www.facebook.com, www.instagram.com, www.messenger.com va boshqa saytlar bor.
Bunday saytlarga kirishga harakat qilinganida brauzer DNS_PROBE_FINISHED_NXDOMAIN xatosini ko‘rsatadi. Bu domen nomi mavjud emasligini, ya’ni ushbu resurslarning IP-manzillari milliy DNS ma’lumotlar bazasidan o‘chirib tashlanganini anglatadi.
Mutaxassislar buni DNS tampering — domen nomlari tizimiga yozuvlarni o‘chirish orqali aralashish usuli — deb baholamoqda. Avval bunday amaliyot 2024 yilda Discord va Signal bloklanganda qo‘llanilgan edi. Biroq yozuvlarning ommaviy ravishda o‘chirilishi ilk bor qayd etilmoqda.