Harbiy xizmat yoshidagi fuqarolar migrasiyasiga bag‘ishlangan tadqiqotga ko‘ra, yangi ommaviy safarbarlik, majburiy harbiy xizmat va frontga yuborilish ehtimolidan xavotirlangan qariyb bir million nafar yosh rossiyalik erkak Rossiyani tark etgan.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, urush boshlanganidan keyin harbiy xizmatdan qochishga uringan va mamlakatni tark etayotgan erkaklar soni sezilarli darajada oshgan. Armiya saflarini to‘ldirish ehtiyoji esa safarbarlik hamda ko‘ngillilarni jalb qilish orqali qoplangan.
Shu bilan birga, Rossiyada har yili harbiy xizmatga chaqiriladiganlar soni so‘nggi 15 yil davomida taxminan 250 ming kishi atrofida saqlanib qolmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar jangovar harakatlar hududlariga yuborilmasligi kerak. Biroq harbiy xizmat bilan bog‘liq xavotirlar ayrim yoshlarni mamlakatni tark etishga undayotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil sentyabr oyida qisman safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng ommaviy axborot vositalari turli manbalarga tayanib, Rossiyani 600 mingdan qariyb bir milliongacha fuqaro tark etgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan edi. O‘shanda Qozog‘iston, Gruziya va boshqa davlatlar bilan chegaralarda uzun navbatlar yuzaga kelgan, qo‘shni mamlakatlar esa kelayotgan rossiyaliklar oqimi keskin oshganini qayd etgan.
2022 yilda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, qisman safarbarlikdan keyingi birinchi haftadayoq o‘n minglab Rossiya fuqarolari Qozog‘iston, Gruziya, Finlyandiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirib borgan. Rossiya hukumati esa safarbarlikdan keyin mamlakatni tark etganlar soni bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlarni e’lon qilmagan.