O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov belidagi og‘riqlar sababli AQShdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining so‘nggi qismini hamda Kanada va Niderlandiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib yuborgan. Bu haqda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi haftalarda futbolchining bel qismida og‘riqlar kuzatilgan va maxsus dori-darmon hamda fizioterapiya muolajalari orqali uning holati bir oz yaxshilangan edi. Biroq keyinchalik og‘riqlar yana bezovta qila boshlagan. O‘tkazilgan MRT tekshiruvlari natijasida Masharipovda umurtqalararo disk churrasi qayta xuruj qilgani aniqlandi.
Ayni paytda milliy terma jamoa tibbiy shtabi futbolchining salomatligini tiklash bo‘yicha ish olib bormoqda. Uning holati yuzasidan yakuniy tibbiy xulosa olingach, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jaloliddin Masharipov Jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida xabar qilingan edi.