Bugun 10 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘piga AQSh vizasi berilmadi

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘piga AQSh vizasi berilmadi

BBC'ning xabar berishicha, 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini bevosita stadiondan tomosha qilishni istagan ko‘plab ishtirokchi mamlakatlar, shu jumladan, o‘zbekistonlik muxlislar ham AQSh va boshqa mezbon davlatlar vizasini olishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Nashr tahlillariga ko‘ra, mundial ishtirokchilarining chorak qismidan ko‘prog‘i sayohat taqiqlariga uchramoqda yoki ularning viza so‘rovlari aksariyat hollarda rad etilmoqda.

"Vaziyat Tramp ma’muriyatining qat’iy immigrasion siyosati va sayohat taqiqlari sabab yanada murakkab tus olgan. Ushbu cheklovlar ro‘yxatiga musobaqaga yo‘llanma olgan Gaiti, Eron, Senegal va Kot-d'Ivuar kabi davlatlar kiritilgan bo‘lib, ularning fuqarolariga AQSh vizasini olish amalda deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda", deb yozadi BBC.

Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, JCH—2026 musobaqasiga yo‘llanma olgan jami 11 ta davlat fuqarolari uchun vizani rad etish ko‘rsatkichi 40 foizdan yuqorini tashkil qiladi. O‘zbekiston, Ekvador, Misr, Jazoir, Iordaniya va qator Afrika mamlakatlari viza eng ko‘p rad etiladigan davlatlar qatoridan joy olgan.

Garchi xalqaro futbol federasiyasi muxlislar elchixonaga tezroq kirishi uchun FIFA Pass tizimini joriy etgan bo‘lsa-da, mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu viza tasdiqlanishini aslo kafolatlamaydi. AQSh rasmiylari bu qat’iy tekshiruvlarni milliy xavfsizlikni ta’minlash hamda vizasi tugasa ham mamlakat hududida noqonuniy qolib ketadigan migrantlar oqimining oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgani bilan izohlamoqda.

Viza muammolari faqatgina AQSh hududi bilan cheklanib qolmagan. Musobaqaning qolgan mezbonlari hisoblanuvchi Kanada va Meksikada ham o‘ziga xos immigrasion to‘siqlar mavjud. Masalan, Meksikaning O‘zbekiston, Iroq, Kot-d'Ivuar va Senegal kabi sakkizta ishtirokchi mamlakatda diplomatik vakolatxonasi yoki elchixonasi yo‘qligi muxlislar uchun o‘yinlarga borish imkoniyatini keskin pasaytirib yubormoqda.

Kiritildi: Bugun 14:01. O'qildi: 460 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!