Volgograddan Moskvaga uchishi kerak bo‘lgan samolyotning parvozi yo‘lovchilardan birining havo kemasini olib qochish ehtimoli haqidagi bayonotidan so‘ng ikki soatga kechiktirildi.
Bu haqda Rossiyaning REN TV telekanali xabar bermoqda.
«Yo‘lovchilardan biri havo kemasi olib qochilishini aytgan», — deyiladi xabarda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 42 yoshli, Qozog‘istonda tug‘ilgan erkak bo‘lib, u taxminan mast holatda bo‘lgan. Erkak polisiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, u avvalroq o‘g‘irlik va qotillik bilan tahdid qilish jinoyatlari uchun sudlangani ma’lum bo‘lgan.
Hodisadan so‘ng mutaxassislar samolyot va yo‘lovchilarning bagajlarini tekshirishgan. Kinologlar guruhi xizmat iti yordamida portlovchi moddalar va shubhali buyumlarni aniqlamagan.
Ushbu hodisa sababli poytaxtga yo‘l olishi kerak bo‘lgan reysning parvozi ikki soatga kechiktirilgan.