“Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga ushbu davlatda mehnat qilayotgan vatandoshimiz yordam so‘rab murojaat qildi”, – deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Murojaatchining ma’lum qilishicha, uning voyaga yetmagan qarindoshi qo‘lga olinib, Moskvadagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitasiya markazlaridan biriga joylashtirilgan.
Konsullik bo‘limi vakillari ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan ishga kirishib, tegishli tashkilotlar bilan bog‘langan. Diplomatlar mushkul vaziyatga tushib qolgan o‘smirning muammosini hal etish maqsadida voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitasiya markazi ma’muriyati hamda Rossiyaning boshqa vakolatli organlari bilan hamkorlik aloqalarini amalga oshirgan.
O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, tegishli idoralar bilan olib borilgan muvofiqlashtirish ishlari natijasida bola oilaning ishonchli vakiliga topshirilib, sog‘-salomat vatanga olib qaytarilgan.
O‘zbekiston elchixonasi Rossiya hududidagi fuqarolarning, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratishda davom etmoqda.