Nashr xabariga ko‘ra, Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi (XPQ) Seulda bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyada Rossiya va Belarus milliy paralimpiya qo‘mitalarining a’zoligini to‘liq tiklagan. Mazkur ikki davlatning a’zoligi 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng to‘xtatilgan edi.
Shunday qilib, Rossiya va Belarus paralimpiya sportchilari 2026 yilda Italiyada bo‘lib o‘tadigan Qishki o‘yinlarda o‘z milliy bayroqlari ostida ishtirok etish huquqini rasmiy ravishda qo‘lga kiritdi.
Biroq ularning yakuniy ishtiroki ayrim sport turlari bo‘yicha xalqaro federasiyalarning qaroriga bog‘liq. Hozircha bu federasiyalar Rossiya va Belarus sportchilarini musobaqalardan chetlatilgan deb hisoblamoqda.
"XPQ bu borada Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasidan (XOQ) farqli yo‘l tutdi. Avvalroq XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilar 2026 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarida faqat neytral maqomda, bir qator qat’iy shartlarga rioya qilgan holda ishtirok etishlari mumkinligi to‘g‘risida qaror chiqargan edi", deya yozmoqda Deutsche Welle.