Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiya G‘arb bilan normal munosabatlar o‘rnatishga harakat qilganini, ammo G‘arb hamkorlikdan voz kechib, sanksiyalar joriy etish orqali bu munosabatlarni buzganini aytdi.
Medvedevning ta’kidlashicha, endi G‘arb davlatlari qimmat yoqilg‘i, yuqori inflyasiya va ayrim muhim mahsulotlar tanqisligi kabi muammolarga duch kelmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va G‘arb o‘rtasida avval faol iqtisodiy aloqalar mavjud bo‘lgan, biroq sanksiyalar va hamkorlikning to‘xtatilishi bu munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Medvedev bu fikrlarni Eron Islom Respublikasi Davlat radio va televideniyesiga bergan intervyusida bildirdi. Rossiya rasmiylari avval ham Yevropa Ittifoqining Rossiya energiya resurslaridan voz kechishi energiya narxlarining oshishi va Yevropa iqtisodiyoti raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelganini ta’kidlagan.