18-yanvarga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga ballistik raketalar va uchuvchisiz samolyotlar yordamida hujum qildi, dedi poytaxt meri Vitaliy Klichko.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga 39 ta “Shahed” tipidagi hujumchi uchuvchisiz samolyotlar, simulyatorli uchuvchisiz samolyotlar va to‘rtta “Iskander-M/KN-23” ballistik raketalari kiritilgan. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 24 ta dron va ikkita raketani urib tushirdi. Qolgan dronlar oqibatlarsiz "mahalliy ravishda yo‘qolgan".
Hujum 11 viloyat, jumladan Poltava, Sumi, Xarkov, Cherkassy, Chernigov, Kiyev, Xmelnitskiy, Jitomir, Kirovograd, Dnepropetrovsk, Xerson va Doneskga ta’sir ko‘rsatdi.
Kiyevda zarba natijasida Shevchenkovskiy tumanidagi ikkita turar-joy binosi va noturar joy binosi shikastlangan, binolardan biri yonib ketgan. Yo‘lovchilar uchun yopilgan “Lukyanovskaya” metro bekati va magistral suv quvuri ham shikastlangan, ko‘chalarni suv bosgan. Buning oqibatlari aks etgan videolavhalar mahalliy aholi tomonidan e’lon qilingan.
Kiyev shahar harbiy boshqarmasi boshlig‘i Timur Tkachenkoga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Desnyanskiy va Goloseevskiy tumanlariga urilgan snaryadlarning qoldiqlari tushdi, bu ham vayronagarchilikka olib keldi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati ma’muriy bino, biznes markazi va do‘kon vayron bo‘lganini, 10 ta mashinaga zarar yetganini ma’lum qildi. Qutqaruv ishlari davom etmoqda va rasmiylar aholini havo hujumi ogohlantirishi bekor qilinmaguncha boshpanalarda qolishga chaqirmoqda.