The Bell nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 18 ta hududida AYOQShlarda haydovchilarga 50 litrdan yoki bir to‘la bakdan ortiq benzin sotilmayapti. Boshqa qator hududlarda ham cheklovlar mavjud, biroq u yerda bitta mashinaga 50 litrdan ko‘proq yonilg‘i sotib olish imkoniyati bor. Jiddiy cheklovlar asosan Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlari sababli xususiy shaxslarga benzin sotishdagi cheklovlardan tashqari, Rossiya birjalarida yonilg‘ining ulgurji narxi ham turiga qarab 30 foizdan 40 foizgacha oshmoqda. "Energy Intelligence" loyihasining baholashicha, Ukraina hujumlari tufayli hozirda Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlarining deyarli uchdan bir qismi, kuniga 2,14 million barrel mahsulot ishlab chiqarish to‘xtab turibdi.
"Ukrainaning Rossiya energetika sektoriga qarshi kampaniyasi keng ko‘lamli zarar yetkazdi, buning natijasida mamlakat o‘z tarixidagi eng yomon yonilg‘i inqirozi sari bormoqda", — deb ta’kidlamoqda tahlilchilar.