Financial Times gazetasi 10 fevralda sizdirilgan hukumat hisobotiga asoslanib xabar berishicha, Rossiya rasmiylari G‘arb sanksiyalari Rossiyaning yaqin qo‘shni davlatlar va Global Janubdagi mamlakatlar ustidan iqtisodiy ta’sirini zaiflashtirmoqda deb xavotirlanmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Moskva o‘zini AQSH, Yevropa Ittifoqi va Xitoyning iqtisodiy ta’siri bilan raqobatlasha oladigan Yevroosiyo savdo blokining markaziga joylashtirish orqali o‘z mavqeini va jahon savdosiga kirishini tiklashga urinmoqda.
Ushbu xabar G‘arb sanksiyalarining Rossiyaga ta’sirini va Ukrainaga qarshi deyarli uch yillik keng ko‘lamli urush bilan bog‘liq iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayib borayotganini ta’kidlaydi.
Nashr xabar qilishicha, rejalashtirilgan tashabbus Rossiyani xom ashyo, moliyaviy va transport aloqalariga umumiy kirish, yagona iqtisodiy siyosat, shu jumladan, alohida sanksiyalar tizimi orqali Global Janub bilan bog‘lashni maqsad qilgan.
Xabar qilinishicha, Rossiya bu loyihani Ukrainadagi urush bo‘yicha muzokaralarning natijasidan qat’i nazar davom etadigan uzoq muddatli strategiya sifatida ko‘rmoqda.
Hisobotda jiddiy to‘siqlar mavjudligi tan olinadi. G‘arb tomonidan ko‘rsatilgan bosim Moskvaning qo‘shni davlatlar bilan integratsiyalashish harakatlariga to‘sqinlik qildi, chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyani chetlab o‘tadigan global bozorlarga moslashishga intildi.
Hisobotda, shuningdek, G‘arb hukumatlari sanksiyalarga rioya etilishini ta’minlash uchun tahdid va rag‘batlantirishlar uyg‘unligidan foydalangani qayd etilgan.
Rossiyaning ittifoqchilari vaziyatdan foydalanib, rus biznesini o‘z hududlaridan siqib chiqardi, savdo oqimlarini nazoratga oldi va sanksiyalarni buzish xavfini qoplash uchun qo‘shimcha to‘lovlar talab qila boshladi.
Belarus Moskva uchun muvaffaqiyat namunasi sifatida tilga olinsa, Qozog‘iston Rossiyaning Ukrainadagi hududiy da’volarini tan olishdan bosh tortib va G‘arb sanksiyalariga rioya etganini namoyish qilib, o‘zini chetga tortdi. Qirg‘iziston esa, aksincha, sanksiyalardan qochishning asosiy yo‘liga aylandi.