New York Times nashri yozishicha, AQSh maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Kremlga tashrif buyurishidan ikki kun oldin Rossiya tomoni AQShga o‘z talablarini taqdim etgan. Ushbu talablar nafaqat Ukraina, balki Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoning sobiq SSSR yoki uning Sharqiy bloki tarkibiga kirgan qator davlatlarining ham G‘arb bilan harbiy hamkorlikdan voz kechishini nazarda tutadi.
Talablar 10 noyabr sanasi bilan belgilangan, imzolanmagan hujjatda bayon etilgan. New York Times ma’lum qilishicha, nashr hujjat matnini muzokara ishtirokchilaridan biridan olgan, yana bir manba esa uning haqiqiyligini tasdiqlagan.
Diplomatik amaliyotda, jumladan, Rossiya diplomatiyasida ham bunday hujjatlar inglizcha non-paper atamasi bilan yuritiladi. Ularda davlatning pozisiyasi bayon qilinadi, biroq tomon uchun majburiyatlar yuzaga kelmaydi.
Umuman olganda, 10 noyabrdagi hujjat Rossiya 2021 yil dekabrida, Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan biroz oldin e’lon qilgan shartnoma loyihasidan deyarli farq qilmaydi.
O‘sha hujjatda NATOning barcha harbiy infratuzilmasini 1997 yilgacha bo‘lgan holatiga, ya’ni sobiq Varshava shartnomasi hududlari chegaralariga qaytarish talab qilingan edi. Rossiya diplomatlari hujjatdagi barcha bandlarni muhokamasiz qabul qilishni talab qilgan.
New York Times ta’kidlashicha, yangi hujjatning 2021 yil dekabridagi talablardan farqi bir nechta jihat bilan cheklanadi. Xususan, 2021 yilda Rossiya AQShdan o‘zining yadroviy salohiyatini Yevropadagi ittifoqchilari bilan bo‘lishmaslikni talab qilgan bo‘lsa, endi xuddi shunday talab NATOning yadroviy qurolga ega yana ikki davlati — Buyuk Britaniya va Fransiyaga ham nisbatan ilgari surilgan.
Hujjatda G‘arb davlatlari Ukrainaga harbiy maqsadlarda foydalaniladigan hech qanday mahsulot yetkazib bermasligi kerakligi ham alohida qayd etilgan.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga ruxsat berilishi mumkin, biroq bu faqat mamlakat Ittifoqning mudofaa sohasidagi tarkibiy qismida ishtirok etmasligi sharti bilan amalga oshirilishi belgilangan.
New York Times suhbatdoshlari bunday maksimalistik pozisiyani Vladimir Putinning Yevropa xavfsizligi arxitekturasi bo‘yicha muzokaralardagi dastlabki taktik qadami sifatida baholash mumkinligini bildirgan. Ularning fikricha, Rossiya keyingi bosqichlarda ayrim talablaridan chekinishi va muayyan yon berishlarga borishi mumkin.