Rim papasi Leo XIV o‘pka saratoni jarrohlik amaliyotidan to‘rt kun o‘tib, 17 oktyabr kuni tushdan keyin Rimdagi kasalxonadan chiqdi va Vatikanga qaytdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
71 yoshli Papa Rimdagi Jemelli kasalxonasi tashqarisida to‘plangan olomonga qo‘l silkidi hamda o‘zi mustaqil ravishda mashinagacha yurib bordi. U to‘xtab, Italiyada saratondan davolanayotgan ukrainalik 13 yoshli Varvara ismli qizcha bilan gaplashdi. Qora avtomashinasida kasalxonani tark etayotganida u ochiq derazadan samimiy tabassum qilib yana qo‘l silkidi.
17 oktyabr kuni ertalab shifokorlar so‘nggi qon tahlillari va ko‘krak qafasi tekshiruvidan so‘ng papaning uyga qaytishi uchun ahvoli yetarlicha yaxshi ekanini bildirdi. U kundalik ishlarini mustaqil ravishda bajara olmoqda.
Papaning o‘pkasi 13 oktyabr kuni operasiya qilingandi. Leo XIV 18 oktyabr kuni tushda Avliyo Pyotr maydonida ziyoratchilar bilan har haftalik ibodatni o‘tkazishi kutilmoqda. Bu uning operasiyadan keyingi birinchi ommaviy tadbiri bo‘ladi.
Nisbatan yosh va energiyaga boy deb hisoblanadigan papaning bunday xastalikka chalingani ko‘pchilikni hayratda qoldirdi va uning kelajakdagi faoliyati bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashladi.
Papaning shifokorlari operasiya muvaffaqiyatli va asoratsiz o‘tganini aytdi. Biroq ular o‘sma hajmini yoki kasallik atrofdagi limfa tugunlariga tarqalgan-tarqalmaganini hali oshkor qilmadi.
Vatikan 16 oktyabr kuni papa o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etish niyatida ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ba’zi kardinallar papaning salomatligi borasida ochiqcha xavotir bildira boshlagan.
Papaning ishga qaytganining belgisi sifatida, u 16 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda muloqot qildi.
Vatikan davlat kotibi kardinal Petro Parolin papaning kelajakdagi ish jadvali salomatligiga qarab moslashtirilishi mumkinligini aytdi. Vatikan papaning operasiyadan keyingi birinchi suratlarini ham e’lon qildi. Unda Papaning mustaqil tik turgani va ibodat marosimini o‘tkazayotgani aks etgan.