Hozir respublikamizda 1 million 58 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi, shu jumladan 173 ming nafari bolalardir.
Bu haqda Ijtimoiy himoya agentligi ma’lum qildi.
Bugun dunyo bo‘ylab «Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni» nishonlanmoqda. Ushbu sana har bir insonning qadr-qimmati, teng huquqlari va jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etish huquqini eslatib o‘tadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qator islohotlar amalga oshirildi. Mahallalarda ijtimoiy xodimlarning uyma-uy olib borgan ishlari natijasida 34,2 ming nogironligi bo‘lgan, lekin holati rasman belgilanmagan fuqarolar aniqlanib, ularga nogironlik belgilandi (2025 yil — 13,1 ming, 2024 yil — 21,1 ming).
Joriy yildan nogironlik belgilash jarayonlari yagona standartlar va raqamlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda. Murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirilib, endilikda “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali yoki oilaviy shifokorlar orqali murojaat etish mumkin.
Protez va reabilitasiya vositalariga muhtoj 91,9 ming shaxs kerakli moslamalar bilan ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3 baravar, 2024 yilga nisbatan esa 1,5 baravar ortib, bu maqsadlar uchun 138,2 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Kafolatlangan vositalar ro‘yxati 18 tadan 38 tagacha kengaytirildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu vositalarni olgan 7,3 ming shaxs rasmiy ish bilan ta’minlangan, 5 ming nafar kishi ta’limga, 1 ming nafar esa adaptiv sport turlariga jalb etilgan.
Bu yil nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligini oshirish maqsadida daw.hima.uz platformasi ishga tushirildi. Platforma orqali ro‘yxatga olingan 27 ming ishlash istagidagi fuqarolarning 14 ming nafari (52%) ishga joylashtirildi. Yangi loyihalar hisobidan 150 ming nogironligi bo‘lgan shaxsning rasmiy bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, barcha tuman va shaharlarda 656 ta inklyuziv ta’lim guruhi tashkil etildi hamda 1 171 nafar bola ta’limga jalb etildi. Mamlakat bo‘ylab “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yilib, shu kunga qadar 678 kishi ro‘yxatdan o‘tgan va 1,6 ming qatnov amalga oshirilgan.
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 458 ta kunduzgi parvarish guruhi ishga tushirilib, ular orqali 3 457 nafar bola ta’lim va parvarish xizmatlari bilan qamrab olindi.
Joriy yilda adaptiv sport turlari reestri yaratilib, 89 ta sport turi tasdiqlandi. 90,3 ming nogironligi bo‘lgan shaxs sport tadbirlariga jalb qilindi — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.
Shuningdek, 27,2 ming shaxs agentlik sanatoriylarida sog‘lomlashtirilgan, 23 ming kishi reabilitasiya qilingan. “Faol hayotga qadam” dasturi orqali 24,5 ming fuqaro tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya bilan qamrab olindi.