Ayni daqiqalarda Toshkent shahridagi havo holati masalasi bo‘yicha Maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazilmoqda
Yig‘ilishga Prezident Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raislik qilmoqda. Qabul qilingan chora-tadbirlar xususida Toshkent shahri va viloyati hokimlari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi hamda huquq-tartibot idoralari vakillari axborot bermoqda.
Qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev hisobot bermoqda.
Yurtimizdagi havo bilan bog‘liq holat shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy nazorati ostida bo‘lib turibdi. Doimiy kuzatuv va ilmiy tahlillar olib borilmoqda, mahalliy mutaxassislar hamda xorijlik ekspertlar ham jalb qilingan, havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishga barcha say-harakatlar safarbar qilingan.
“Prezidentimiz mendan har kuni bu masala bo‘yicha hisobot so‘rayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lgan joyda hech birimizning sustkashlikka yo‘l qo‘yishimizga haqqimiz yo‘q”, — dedi Saida Mirziyoyeva.