Respublikachilar partiyasida AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi va davlat kotibi Marko Rubioni 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ko‘rsatish tarafdorlari soni ko‘paymoqda.
Bu haqda Politico gazetasi yozmoqda.
Oraliq saylovlarda respublikachilar mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, partiya vakillari o‘rtasida uning kelajakdagi yetakchisi kim bo‘lishi kerakligi haqida yangi muhokamalar boshlandi. Ehtimoliy nomzodlar qatorida Rubio va AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens tilga olinmoqda.
«Umid qilamanki, u (Rubio — tahr.) prezidentlikka nomzodini qo‘yadi. Menimcha, u odamlar bilan muloqot qilish va ularni birlashtirishni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi», — dedi kongressmen Marlin Stutsman. «Men uni, shubhasiz, respublikachilar orasidagi eng iqtidorli inson deb hisoblayman».
Respublikachilardan biri ham Rubioni partiyani «inqiroz»dan olib chiqish uchun «eng yaxshi umid» deb atadi. «Umid qilamanki, kelasi yil boshida u Tramp va Jey Didan o‘zini uzoqlashtiradi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ayni paytda Vens Trampning siyosiy yo‘nalishi bilan bog‘lanmoqda. Respublikachilarning o‘z fikricha, saylovchilar saylov jarayonida bu siyosiy kursni keskin rad etgan.
Shu bilan birga, Politico manbalari Rubio kelgusi saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surishdan manfaatdor emasligini ham ma’lum qilgan. Biroq davlat kotibi yaqin doirasidagi shaxsning aytishicha, prezidentlik poygasida ishtirok etish borasidagi qarorini faqat Rubioning o‘zi biladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rubio «o‘z vazifalarini bajarishga e’tibor qaratgan va 2028 yil haqida o‘ylamayapti».