“Real Madrid” Yevropa futbol uyushmasi (UYEFA)dan 4 milliard yevrodan ortiq miqdorda tovon puli talab qilmoqchi. Klub Yevropa Superligasi loyihasi bekor qilingani sabab katta moliyaviy zarar ko‘rganini bildirmoqda.
Financial Times nashriga ko‘ra, “Real Madrid” mutaxassislari tayyorlagan hujjatlarda klub 2021-yildan beri UYEFA qarori tufayli 4,5–4,7 milliard yevroga teng daromaddan mahrum bo‘lgani qayd etilgan. Bu hisob-kitoblarga stadiondan tushadigan pullar, teletranslyasiya va reklama daromadlari kiritilgan.
Klubga yaqin manbalarning aytishicha, “Real Madrid” tez orada sudga 4 milliard yevrodan ortiq miqdorda rasmiy da’vo kiritadi.
Bu voqea Madrid viloyati sudining UYEFA, La Liga va Ispaniya futbol federasiyasi (RFEF) shikoyatini rad etganidan so‘ng yuz berdi. Sud UYEFA to‘rt yil avval Superliga loyihasini to‘xtatib, o‘z mavqeini suiiste’mol qilgan degan qarorga keldi.
Superliga dastlab 20 ta klubdan tashkil topishi rejalashtirilgan, ulardan 15 tasi, jumladan “Real Madrid”, doimiy a’zo sifatida qatnashishi kerak edi. Biroq loyiha jamoatchilik va siyosatchilarning keskin noroziligidan so‘ng e’lon qilinganidan 72 soat o‘tmay to‘xtatildi.
Keyinchalik loyihani yuritgan A22 Sports Management kompaniyasi uni “Unify Legaue” deb qayta nomlab, ochiq raqobat tarafdori ekanini bildirgan.
“Real Madrid” sud qarorini klub foydasiga deb baholadi va UYEFA Yevropa qonunlarini jiddiy ravishda buzganini ta’kidladi. Klub bu holat tovon puli undirish uchun huquqiy asos bo‘lishini ma’lum qildi. 2023 yil dekabr oyida Yevropa Ittifoqi sudi ham UYEFA klublar va futbolchilarga Superligaga qo‘shilgan taqdirda sanksiya qo‘llash bilan tahdid qilgani noqonuniy ekanini e’tirof etgan edi.