"Real" o‘z maydonida Ispaniya La Ligasining 30-turida "Valensiya"ga yutqazib qo‘ydi - 1:2.
Uchrashuvning 13-daqiqasida madridliklar hisobni ochishi mumkin edi, biroq Vinisius Junior penaltidan unumli foydalana olmadi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Muxtor Diakabi mehmonlarni oldinga olib chiqdi. "Real" 50-daqiqada Vinisiusning goli evaziga javob qaytardi.
Uchrashuv so‘ngida Ugo Duroning goli "Valensiya"ga g‘alaba keltirdi.
"Real" (62) La Ligada 2-o‘rinda bormoqda. Karlo Anchelotti jamoasi "Barselona"dan 3 ochko ortda qolmoqda, ammo kataloniyaliklarda bitta zaxira o‘yini bor.
"Valensiya" (34) turnir jadvalida 15-o‘ringa ko‘tarildi.