Madridning «Real» klubi «Liverpul» yarimhimoyachisi Aleksis Makallisterni sotib olish bo‘yicha harakatlarni boshlab yubordi. Bu haqda jurnalist Indykalia xabar bermoqda.
26 yoshli futbolchining transferi katta ehtimol bilan yozda amalga oshishi kutilmoqda, biroq manbaga ko‘ra, «qirollik klubi» uni qishdayoq xarid qilishi ham mumkin.
Qayd etilishicha, mersisaydliklar futbolchini sotishga tayyor bo‘lgan miqdorni yaxshi biladi.
Ma’lumot uchun, Makallister 2023 yilning yozidan buyon «Liverpul» sharafini himoya qilmoqda. Bu davr ichida u barcha turnirlarda 105 ta o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Argentinalik futbolchining klub bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozida yakunga yetadi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 100 million yevrova baholanmoqda.