"Real" Ispaniya chempionati doirasidagi "Barselona"ga qarshi uy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Madrid klubi rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, bir vaqtning o‘zida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan to‘rt nafar futbolchi umumiy guruhda to‘liq mashg‘ulot o‘tkazgan. Ushbu ro‘yxatdan Dani Karvaxal, Trent Aleksandr-Arnold, Din Xyoysen va Dani Sebalyos o‘rin olgan.
"El-klasiko" oldidan birdaniga to‘rt futbolchining safga qaytishi "Real" muxlislarini xursand qilmay qolmaydi.
Shu bilan birga, Madrid klubi juma kuni David Alaba va Antonio Ryudiger yopiq binoda mashg‘ulot o‘tkazganini ta’kidladi.
"Real" - "Barselona" uchrashuvi 26 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:15da boshlanadi.