Professional boksning super yarimo‘rta vazn toifasida sobiq WBA chempioni Isroil Madrimovning keyingi jangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi.
Hamyurtimiz 2026 yilning 24 yanvar kuni (Toshkent vaqti bilan 25 yanvar tongi) AQShning Las-Vegas shahridagi Fontainebleau majmuasida tashkil etiladigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi.
Madrimov hamkorlik qiluvchi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasining xabar berishicha, bokschimizga o‘sha kuni Dominikan Respublikasi vakili Luis Devid Salazar raqib bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Isroil "The Dream" Madrimov faoliyati davomida 13 ta jang o‘tkazib, 10 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 ta durang qayd etgan. U oxirgi jangini joriy yil fevral oyida amerikalik Verjil Ortisga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra imkoniyatni boy bergandi. 32 yashar Devid Salazar hisobida esa 20 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat bor.