Bugun 28 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Rapid bo‘yicha JCH. Nodirbek Abdusattorov bugun 4 ta g‘alabaga erishdi va 6-o‘ringa ko‘tarildi

Rapid bo‘yicha JCH. Nodirbek Abdusattorov bugun 4 ta g‘alabaga erishdi va 6-o‘ringa ko‘tarildi

Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid yo‘nalishidagi jahon chempionatida bugun ikkinchi kun doirasida 4 ta tur o‘yinlari o‘tkazildi.

Musobaqa formati: shaxmatchilarga jami 15 daqiqada vaqt beriladi va har bir yurishga 10 soniya qo‘shib beriladi.

Hamyurtlarimiz orasida Nodirbek Abdusattorov bugun eng yaxshi natija qayd etdi. Hamyurtimiz bugun o‘tkazilgan 4 ta bahsning barchasida g‘alaba qozondi. Xususan, Nodirbek kunning so‘nggi bahsini amaldagi jahon toji sohibi Gukesh Domaradjuni qora donalarda mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Buning oqibatida Abdusattorov 7,0 ochko bilan jadvalda 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hamyurtimiz peshqadamlar Vladislav Artemiyev (Rossiya) va Xans Nimen (AQSh)dan 0,5 ochko ortda qolmoqda.

Javohir Sindarov esa bugun 4 ta o‘yinda 2,5 ochko to‘pladi. U o‘z ochkolarini 6,5 ochko bilan jadvalda 12-pog‘onani egallab turibdi.

Muhiddin Madaminov va Nodirbek Yoqubboyev 5,5 ochko to‘plab turishibdi. Shamsiddin Vohidov va Humoyun Begmurotov hisobida 4,5 ochko mavjud.

Qizlar ham bugun 4 ta tur o‘yinlarida ishtirok etishdi. Afruza Hamdamova 4 ta o‘yindan 3 ochko to‘plashga erishdi va 6 ochko bilan turnirda 12-pog‘onani egallab turibdi. Hulkarbegim Tohirjonova esa 5,5 ochko bilan 18-qatorni band etgan. Umida Omonova 4,5 ochko bilan 61-o‘rinni egallab turibdi.

Qizlar turnirida xitoylik Ju Jiner va hindistonlik Koneru Xumpi 6,5 ochko bilan peshqadamlik qilyapti.

Turnirda ertaga erkaklar 4 ta va ayollar 3 tadan o‘yin o‘tkazishadi va rapid musobaqasi yakuniga yetadi.

O‘zbekiston terma jamoasining JChda ishtirok etayotgan tarkibi

Open (erkaklar) yo‘nalishi:

Nodirbek Abdusattorov
Javohir Sindorov
Nodirbek Yoqubboyev
Shamsiddin Vohidov
Jahongir Vohidov
Muhiddin Madaminov
Muhammadzohid Suyarov
Humoyun Begmurotov

Ayollar yo‘nalishi:

Afruza Hamdamova
Umida Omonova
Gulruhbegim Tohirjonova
Nilufar Yoqubboyeva
Madinabonu Xalilova
Guldona Karimova.

Kiritildi: 23:42 27.12.2025. O'qildi: 205 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!