Jahon neft zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy ortib bormoqda. Bu ma’lumotlar Xalqaro energetika agentligining so‘nggi hisobotida keltirilgan.
Energiya nazorati tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, global neft zaxiralari ketma-ket ikkinchi oyda ortib, mart oyida 7,7 milliard barrelga yetdi. Shu munosabat bilan agentlik joriy yilda neft zaxiralari kuniga o‘rtacha 720 ming barrelga, kelgusi yilda esa 930 ming barrelga oshishini taxmin qilmoqda.
Aprel oyining o‘rtalaridan may oyining o‘rtalariga qadar quruqlikdagi global xom neft zaxiralari 100 million barreldan ko‘proqqa oshib, 3,127 milliard barrelga yetdi. Fransiyaning Kayrros geoanalitik kompaniyasi eksperti Avgustin Pratning so‘zlariga ko‘ra, bu COVID-19 pandemiyasidan keyin quruqlikdagi zahiralarning eng katta o‘sishidir.
Dunyoning eng yirik neft importchisi Xitoyda may oyida neft zaxiralari rekord darajadagi 1,127 milliard barrelga yetdi. Bu, ehtimol, hukumat va neft kompaniyalari o‘rtasida neft narxi past bo‘lgan davrda zahiralarni to‘plash bo‘yicha kelishuvga bog‘liq.
So‘nggi paytlarda dengiz tankerlarida saqlanayotgan neft hajmining ortib borayotgani ham xavotirga sabab bo‘lmoqda. Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, 7 kundan ortiq tankerlarda saqlanadigan xom neft, kondensat va neft mahsulotlari hajmi o‘tgan oyda 14 foizga oshib, 160 million barrelga yetdi. Bu ham oxirgi 2 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.