Rossiya armiyasi frontda "uch tomonlama bo‘g‘ish" taktikasini keng qo‘llashni boshladi. Bu ularga sekin, ammo barqaror ravishda oldinga siljish imkonini bermoqda, deb yozadi The Telegraph.
Nashrning ta’kidlashicha, joriy yil boshida Rossiyaning bu taktikani jang maydonida qo‘llayotganining dastlabki belgilari paydo bo‘lgan. So‘nggi ikki oy ichida esa ruslar uni front chizig‘i bo‘ylab qo‘llashni sezilarli darajada kuchaytirgan.
Shu yil boshidan beri Rossiya resurslarning tugashi va ko‘plab muvaffaqiyatsiz hujumlarga duch keldi. Xabar qilinishicha, Rossiya armiyasi kuniga 1000 dan ortiq askarini yo‘qotmoqda. Ukraina qurolli kuchlari esa 2023 yil boshidan beri Rossiyaning 1159 ta tanki va 2500 dan ortiq zirhli texnikasini yo‘q qilgan.
Gazetaning yozishicha, ruslarning yangi yondashuvining birinchi bosqichi quruqlikdagi hujumni nazarda tutadi. Bu Ukraina Qurolli Kuchlarini (UQK) cheklab qo‘yadi va ularni mudofaa pozisiyalarini egallashga majbur qiladi.
Keyinchalik uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qilib, ukrainalik askarlarning chekinish yo‘llarini kesib qo‘yadi. Yakuniy bosqichda esa Ukraina Qurolli Kuchlarining istehkomlari planer aviabombalar bilan zarba oladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday kombinasiya ukrainalik askarlarni katta yo‘qotishlar xavfi bilan pozisiyalarni ushlab turish va resurslarning tugashi o‘rtasida, yoki ularni dronlar zarbalari va aniq hujumlarga ko‘proq zaif qiladigan manyovr o‘rtasida tanlov qilishga majbur etadi.
"Butun Rossiya armiyasi uchburchak strategiyasidan foydalanmoqda. Biz buni strategiya va toliqtirish urushi deb ataymiz," - dedi Ukraina Mudofaa vazirligining sobiq maslahatchisi, Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi raisi Sergey Kuzan.