Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning sobiq maslahatchisi Andrey Portnov Madriddagi o‘z o‘limidan bir necha kun oldin Ukrainada bo‘lgan.
Bu haqda 23 may, juma kuni "Ukrainskaya pravda" huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrning uch nafar ishonchli manbasi ma’lum qilishicha, Portnov 17−18 may kunlari Ukrainaga tashrif buyurgan va kuch tuzilmalari faoliyatiga mas’ul yuqori lavozimli amaldorlar bilan uchrashgan.
Eslatib o‘tamiz, Andrey Portnovning qotillik hodisasi 21 may kuni Madridda sodir bo‘ldi. 51 yoshli Portnovni Madridning nufuzli Posuelo tumanidagi Amerika maktabi darvozasi oldida noma’lum qurollangan shaxs otib ketdi. Ispaniyaning Cadena SER radiostansiyasi xabariga ko‘ra, voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari erkakning jarohatlardan vafot etganini tasdiqlashdi. Unga bir nechta o‘q otilgani, jumladan, to‘rtta o‘q ko‘krak sohasiga va bitta o‘q boshiga tekkani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
22 may kuni Ispaniyaning "El periodico" nashri polisiyadagi o‘z manbalariga tayanib, Portnovga kalta stvolli quroldan boshi va orqasiga uchta o‘q tekkani haqida xabar berdi. Yanukovichning sobiq maslahatchisi bolalarini maktabga olib borgach, mashinasiga o‘tirmoqchi bo‘lgan paytda qotil unga qarata o‘q uzgan.