Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Qozog‘istondan Qibrayga yer ostidan o‘tkazilgan quvur orqali benzin tashiganlar ushlandi, deb xabar berdi O‘zA.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi M.M. (1986 y.t.) va X.X. (1997 y.t.) Qozog‘iston fuqarosi A.K. bilan o‘zaro til biriktirgan. Ular qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan Ai-92 markali benzin yonilg‘isini o‘tkazish va sotish bilan shug‘ullangan.
Ular ushbu noqonuniy ishni Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariyog‘och tumani hududidan Qibray tumani hududiga yer ostidan o‘tkazilgan taxminan 300 metr uzunlikdagi quvur ichiga shlang joylashtirish orqali amalga oshirgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.