Bugun 5 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Qozog‘iston regulyatori Halyk Bank’ga Click’ning 49 foiz ulushini sotib olishga ruxsat berdi

Qozog‘iston regulyatori Halyk Bank’ga Click’ning 49 foiz ulushini sotib olishga ruxsat berdi

Biroq bitimni to‘liq yakunlash uchun O‘zbekiston Markaziy banki hamda Raqobat qo‘mitasining roziligi talab etiladi.

Iyul oyida Qozog‘istonning eng yirik moliyaviy guruhi hisoblangan Halyk Bank O‘zbekistonning fintex yetakchilaridan biri bo‘lgan Click kompaniyasining 49 foiz aksiyalarini 176,4 mln AQSh dollariga sotib olgan edi. Ammo bitim to‘liq yakunlanishi Qozog‘iston va O‘zbekistondagi muvofiq davlat organlarining ruxsatlariga bog‘liqligi haqida xabar bergan edik.

29 sentyabr kuni Halyk Bank Qozog‘iston regulyatoridan Click ulushini sotib olishga ruxsat oldi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hali O‘zbekiston regulyatorlari tomonidan rasmiy ruxsat berilmagan.

Kelishuv shartlariga muvofiq, Halyk Bank Click ulushini $176,4 mln evaziga sotib oladi. Shu bilan birga, Click aksionerlari Qozog‘istondagi Tenge Bank’ning (Halyk Bank’ning sho‘ba korxonasi) 49 foiz aksiyasini $60,76 mlnga xarid qilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur bitim amalga oshishi uchun Raqobat qo‘mitasi iqtisodiy konsentrasiyaga oldindan ruxsat berishi, Markaziy bank esa Tenge Bank ustav kapitalidagi ulush 20 foizdan 50 foizgacha oshishiga rozilik bildirishi kerak.

Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamovga ko‘ra, Halyk Bank bilan hamkorlik xizmat uchun yangi imkoniyatlar ochadi va chakana bankingda rivojlanishning yangi bosqichini boshlaydi.

«Biz Tenge Bank bilan birgalikda yangi avlod bankini qurishni boshlaymiz. Bu biz uchun yangi bozor, yangi jarayonlar va yangi chaqiriqlar, shu bilan birga yangi imkoniyatlardir,» — dedi Rustamov. Unga ko‘ra, to‘lov xizmati faoliyati to‘xtamaydi va kengayishda davom etadi.

Kiritildi: 15:18 02.10.2025. O'qildi: 565 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!