Mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylantirish, hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Davlat rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, sohaga investisiyalarni jalb etish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 27–28 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm yo‘nalishida amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududda faoliyat yuritayotgan turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Iqtisodiyot va moliya, Transport, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Madaniy meros agentligi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari vakillaridan tashkil topgan joylarda turizm sohasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish va yangi loyihalarning manzilli rejasini shakllantirish, shuningdek, ular asosida hududiy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha respublika ishchi guruhi ishtirokida ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda 50 dan ortiq tadbirkorlar, turoperatorlar, gidlar, turagentlar, hunarmandlar, transport, restoranlar, mehmonxonalar, madaniy meros ob’ektlari va muzeylar vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar hududda turizmni rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hamda xizmatlar sifatini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Qo‘mita raisi A. Aqqulov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026 yilga qo‘yilgan rejalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda hududda ekologik, madaniy va etnoturizmni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi, ushbu yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar va grant dasturlari sohaning barqaror rivojiga xizmat qilayotganini ta’kidladilar. Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar turizm sohasida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Muloqot yakunida turizm sohasida davlat siyosatini hududlar kesimida samarali amalga oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik imijini xalqaro maydonda targ‘ib etish hamda aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Bunday uchrashuvlar soha vakillari uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi qayd etildi.