Bugungi kunda dunyo miqyosida biologik faol qo‘shimchalar odamlarning kunlik iste’mol mahsulotiga aylangan. Xo‘sh, bu qo‘shimchalarning tanaga ta’siri qanday, O‘zbekistonda sotilayotgan biologik faol qo‘shimchalar tekshiruvlardan o‘tkaziladimi?
Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari biologik faol qo‘shimchalarda farmakologik va nojo‘ya ta’sirning yo‘qligi va ular dori vositasi hisoblanmasligini ma’lum qilgan.
Biologik faol qo‘shimchalarni mamlakatimizga kiritish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bor. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 aprel kuni tasdiqlangan 131-sonli qaroriga muvofiq ruxsatnomalar orqali rasmiylashtiriladi.
Mamlakatimizga olib kirilayotgan yoki yangi ishlab chiqarilgan biologik faol qo‘shimchalarga tegishli bo‘lgan hujjatlar ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim qilinadi. Hujjatlar asosida ekspertlar tomonidan mahsulotga tegishli xulosalar beriladi. Mahsulot ko‘rib chiqiladi. Uning tarkibidagi vitaminlar, mikroelementlar miqdori haqida taksikologik gigiyenik xulosa olish uchun boshqa bo‘limga yo‘llanma bilan yuboriladi. Biologik faol qo‘shimchalar taksiko gigiyenik xulosalari qabul qilingandan so‘ng ekspert guruhining yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, ruxsatnomalar rasmiylashtirib beriladi. Talabga javob bermaydigan biologik faol qo‘shimchalar yurtimizga kiritilmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda bojxona organlari tomonidan sifati kafolatlanmagan tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishining oldini olish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan mamlakatimiz hududiga yo‘lovchi poyezdiga xufiyona yashirib, tashish va saqlash talablariga rioya qilinmagan, sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalarning olib kirilishining oldi olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan stansiyaga kirib kelgan 124-sonli “Volgograd – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining 5-sonli vagoni bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazildi. Natijada, mazkur vagonning kupelaridan birida vagon tepa qismi ventilyasiya quvurlari orasiga xufiyona yashirilgan, bojxona nazoratiga taqdim etilmagan jami 160 dona yod va turli xildagi sharbat va kukunsimon ko‘rinishdagi biologik faol qo‘shimchalarni bojxona nazoratidan yashirib, qayta sotish maqsadida olib kelinayotganligi aniqlandi.
– Tashish harorati va saqlash talablariga rioya etilmasdan olib kelinayotgan mazkur biologik faol qo‘shimchalarning iste’molchilar uchun foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘proq tegmasligiga, afsuski, hech kim kafolat bera olmaydi, — deydi “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti inspektori Maxsura Ibraymova. — Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jismoniy shaxslar tomonidan biologik faol qo‘shimchalarni suyuq holatida va sirop shaklida 10 dona flakonda, kukun holatida 0,5 kg.gacha, tabletka ko‘rinishida 100 donagacha, kapsula ko‘rinishida 100 dona yoki 4 dona PET idishlarda, shuningdek, quritilgan holatda 0,5 kg.gacha bojsiz olib kirilishi mumkin.