Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Qatar Erondagi urushni to‘xtatish uchun yangi tinchlik rejasini taqdim etdi

Qatar Erondagi urushni to‘xtatish uchun yangi tinchlik rejasini taqdim etdi

Qatar vositachilari AQSh va Isroilning Eron bilan urushini yakunlash maqsadida Tehronga yangi kelishuv loyihasini taqdim etdi. Biroq Eron tomoni taklifga nisbatan salbiy munosabat bildirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Loyiha yetti kunlik rejani o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, tomonlar har kuni o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan muayyan qadamlarni amalga oshirishi kerak. Jarayon noyabr boshida start olishi, bir nechta davlat esa kelishuv kafili bo‘lishi mumkin.

Tehronning rasmiy javobi hafta oxirigacha kutilayotgan bo‘lsa-da, muzokaralarda qatnashgan eronlik amaldor Qatar tashabbusini "qabul qilib bo‘lmaydigan g‘oyalar" deb atadi. U Eron yadroviy dasturi masalasida o‘z pozisiyasini o‘zgartirmaganini ta’kidladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa vositachilar bilan aloqalar davom etayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron sentyabr oyida ilgari surgan o‘zining yetti kunlik rejasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Muzokaralardagi asosiy to‘siq yadroviy dastur bo‘lib qolmoqda. AQSh bu masalani dastlabki bosqichdanoq muhokama qilishni talab qilmoqda. Eron esa avvalo portlarga qo‘yilgan qamal bekor qilinishi va neft eksportiga qarshi sanksiyalar olib tashlanishini istaydi.

Tehronning avvalgi rejasida mazkur shartlar bajarilsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklash imkoniyati ko‘zda tutilgan edi. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp bu taklifni rad etgan.

Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani yo‘q.

Kiritildi: 23:50 29.10.2026. O'qildi: 1030 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik