Bugun 23 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Qarshi davlat universitetining ta’lim va tadqiqotlar uchun imkoniyatlari yanada kengaydi

Qarshi davlat universitetining ta’lim va tadqiqotlar uchun imkoniyatlari yanada kengaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi davlat universitetida ham bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Universitetda 14 mingdan ortiq talaba bakalavriat va magistratura bosqichlarida, kunduzgi, sirtqi va masofaviy shakllarda tahsil olmoqda. Bu yerda 579 nafar professor-o‘qituvchi mehnat qiladi.

Ta’lim dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ingliz filologiyasi, matematika, amaliy matematika va fizika yo‘nalishlari xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazilgan. Rossiya va Belarus oliygohlari bilan 14 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan.

Tillar fakultetida ming o‘rinli zamonaviy media studiya, shuningdek, xitoy, nemis, fransuz, ingliz va rus tillari markazlari tashkil etilgan. Xalqaro dasturlar doirasida sinxron tarjimonlar tayyorlanmoqda. Yettita laboratoriyani birlashtirgan Xalqaro laboratoriyalar markazida sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish va robototexnika yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borilmoqda.

O‘tgan yili muassasada keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Talabalarning yashash sharoitlari yaxshilandi. Uchta yangi yotoqxona qurilishi natijasida 1 ming 300 dan ortiq qo‘shimcha o‘rin yaratilib, talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplangan. Universitet hududida 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, kutubxona, oshxonalar, yoshlar markazi va anjumanlar saroyi faoliyat yuritmoqda. Oliygoh qoshida “Lochin” futbol jamoasi tashkil etilib, uning mashg‘ulotlari uchun zamonaviy maydon qurilgan.

Prezidentimiz universitetning talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Shuning bilan davlatimiz rahbari Qashqadaryoga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Kiritildi: 16:32 22.10.2026. O'qildi: 538 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!