Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin u yashab turgan joydagi FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish ichki ishlar organlari xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza ariza berilgan kundan boshlab ikki oy mobaynida ko‘rib chiqiladi. Uzrli sabablar (ishni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvi nusxalarining boshqa FHDYo organlaridan, ichki ishlar organlari xulosasining kechikib olinishi va boshqalar) mavjud bo‘lganda FHDYo organi mudiri ushbu muddatni bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
• ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
• agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
• agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
• ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
• agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
• 1 dona (3x4 o‘lchamli) fotosurat.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishni qayd qilganlik uchun undiriladigan to‘lovlar:
1. Davlat boji:
• 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida (111 500,00 so‘m);
• 18 yoshdan katta bo‘lganlar uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 foizi miqdorida (223 000,00 so‘m).
2. Gerb yig‘imi:
• bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida (22 300,00 so‘m) (bitta guvohnoma uchun).
3. Pulli xizmat:
• ariza to‘ldirishda yordam berganlik uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida (4 460,00 so‘m);
• huquqiy tushuntirish berganlik va dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida (22 300,00 so‘m).
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti