Senatning beshinchi yalpi majlisida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama qilingan mazkur qonunda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin o‘sha yerning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishni, ularning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.