Bugun 5 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Qalbaki AQSh dollarini o‘tkazgan «uddaburonlar»ning qilmishi fosh bo‘ldi

Qalbaki AQSh dollarini o‘tkazgan «uddaburonlar»ning qilmishi fosh bo‘ldi

  2021 yil mart oyining 12 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining sayyor sud majlisi Navoiy shahar “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazildi. Unda sudda raislik qiluvchi SH.Mamirov tomonidan T.Elyorov, F.Toshmurodov(ismi shariflari o‘zgartirildi)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Qisqa fursatlarda tanishib qisqa fursatlarda ajrashib ketgan bu ikki yigitni taassufki, qing‘irlik birlashtirdi va jinoyatning boshi berk ko‘chasiga boshladi.

G.Safarov(ismi-sharifi o‘zgartirildi) o‘ziga tegishli bo‘lgan 2 ta qo‘l telefonini sotish uchun 2018 yilning 12 avgust kuni Navoiy shahar, Navoiy ko‘chasida joylashgan eski buyumlar sotish bozoriga kelganida telefonlariga darhol xaridor topila qoldi. O‘zini “Aziz” deb tanishtirgan T.Elyorov uyali aloqa vositalarini 770.000 so‘mga baholadi, savdo pishdi, sotuvchi ham shu narxga ko‘ndi. T. Elyorov anchayin ehtiyotkor reja tuzgani bois, savdoni bozorning o‘zida amalga oshirmadi. U telefon egasiga, puli uyida qolgani, birga borishsa tezda olib bervorishini aytib, G. Safarovni o‘zi bilan birga borishga ko‘ndirdi. O‘sha paytda 770.000 so‘m pul birligi 100 AQSh dollariga teng kelar, soxta xaridorning xomcho‘ti ham shu edi, dollarning «kursi»dan ortiqcha pul aralashtirmay savdoni pishitish. Ko‘p qavatli uy ostida sotuvchini ikki daqiqaga qoldirib o‘zi zinadan ko‘tarilgancha yuqori qavatlarga chiqib ketdi. Ko‘zdan panada biroz turgach, go‘yo qo‘lida 100 kupyura bilan pastga tushib keldi. Dollarni dehqon bozori yonida almashtirib olish imkoni borligini tushuntirgan bo‘ldi, uning ishontirib gapirishi G. Safarovni kupyuraning soxta yoki haqiqiy ekanligini o‘ylab ko‘rishga ham imkon qoldirmadi. To almashtirish jarayonida sir fosh bo‘lgunicha G. Safarov masalaning bu jihatiga e’tibor bermadi. Ammo xaridor bergan pul soxta, qo‘lbola yasama dollar ekanligini bilgach, shahar ichki ishlar bo‘limiga borishga, vaziyatni oshkor etishga majbur bo‘ldi. Birgina ehtiyotsizlik uni buyumidan ayirilib, bir yil telefonlarini pulini ham, o‘zini ham, kerak bo‘lsa, fribgarning izini ham topolmasligiga sabab bo‘ldi. Shuni aytadi-da, narsangga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma, deb. Lekin bu maqol nisbiy ma’noda, begonalar bilan munosabatda sergak bo‘lish, ogohlikni oshirish ma’nosida aytilgan. Aslida birovning sho‘rini quritib moliga ega chiquvchilarning o‘g‘ridan boshqa ham nomi ko‘p.

O‘sha savdosi «qizigan» kundan bir qancha vaqt o‘tib T. Elyorov Rossiya davlatiga jo‘nab ketadi. Oradan bir yil o‘tib ortiga qaytgach, qo‘lga olindi. Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yil o‘tsa ham chiqadi, deganlari kabi. Savol tug‘iladi, xo‘sh, bu Elyorov deganlari soxta pulni qayerdan oldi, o‘zi yasadimi, birov yasab berdimi, jinoyatning manbasi qayerda?

Kalavaning uchi borib F. Toshmurodovga taqaladi. F. Toshmurodov avval ham «soxta dollar» mojorosiga aralashib bu ish oqibati yaxshilikka olib kelmasligini tajribasida ko‘rgan bo‘lsa-da, soxta pullarni uni yasagan tanishidan olib T. Elyorovga bergan. Har ikalasi jinoiy til biriktirib yasama dollarni atay muomalaga kiritishgan. Buni qanday yuz bergani yuqoridagi holatlar bayonidan ma’lum.

Tabiiyki, har bir qilmishning javobi bor. Sud hukmiga ko‘ra, javobgarlarga tegishli tartibda qonunchilikda belgilangan jazo tayinlandi. Achinarlisi, sudlanuvchilar har ikkalasi 30 yoshga yetib-etmagan yigitlar. Ammo tekin luqma topish istagi yigitlarni qing‘ir yo‘lga boshladi. Ko‘pincha jinoyatchilik ko‘chasiga kiradigan yoshlar, qilmishimning izi topilmaydi, degan noto‘g‘ri fikr bilan boshiberk ko‘chaga tavakkal qadam bosishadi. Ammo oradan har qancha vaqt o‘tmasin, o‘zga ellarda ketib kelishmasin, qonun oldida javob berish – jinoyatchi taqdirida bor gap. Sudlanuvchilar o‘zining uddaburonligi, topag‘onligini boshqa foydali maqsadlarda ishlatganida edi balkim to‘g‘ri ishidan baraka topgan, sudning qora kursisida o‘tirib javob bermagan bo‘larmidi?..

Bugun yuqoridagi kabi yoshlar o‘rtasida qonunga itoatsizlik, havoyi-nafsga osonlik bilan berilish, yengil pul topish ishtiyoqi uchrayotgani achinarli hol. Bularning ostida ma’naviy fundamentning sustligi, o‘zi va o‘zgalar taqdiriga befarqlik, insoniy jihatlarning yaxshi shakllanmaganligi, huquqiy bilimning pastligi kabi kuplab vajlarni keltirish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, hech bir jinoyat yo‘qki, javobi, jazosi bo‘lmasa. Bu qonunchiligimizda ham, diniy ahkomlarimizda ham o‘z isbotini topgan hayotning o‘zgarmas qoidasidir.

Hilola Ismatova,

jurnalist.

 

Sherzod Mamirov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy shahar sudi raisi

 

Kiritildi: 13:20 08.05.2021. O'qildi: 2127 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!