Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor, shu jumladan AQSh bilan ham, deb ma’lum qildi mamlakat prezidenti Vladimir Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar boshlanishiga Kiyev tomonidan to‘siq qo‘yilmoqda. Putin bu borada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chiqargan farmonni misol qilib keltirdi, unga ko‘ra, u Rossiya rahbari sifatida muzokara o‘tkazishi taqiqlangan.
Vladimir Putin shuningdek, muzokaralarni to‘xtatishda Jo Bayden ma’muriyatini aybladi. Uning ta’kidlashicha, Moskva hech qachon Vashington bilan muloqotdan voz kechmagan. Rossiya prezidentining fikricha, muloqotni qayta boshlash uchun eng yaxshi format uning Donald Tramp bilan shaxsiy uchrashuvi bo‘lishi mumkin, biroq bu imkoniyat "amaldagi Amerika ma’muriyatining qarorlari va tanloviga bog‘liq".
Tramp bilan bo‘lgan munosabatlarini Putin "faoliyatga doir ishchan, pragmatik va ishonchli" deb ta’rifladi. Shu bilan birga, u Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida Rossiyaga qarshi o‘sha paytdagi eng katta sanksiyalarni joriy qilganini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, Putin Kreml va AQShning yangi ma’muriyati o‘rtasida "bugungi kunning muhim masalalari bo‘yicha yechim izlashda ancha ko‘p umumiy nuqtalar bo‘lishi mumkin"ligini qayd etdi. U strategik barqarorlik, iqtisodiyot va neft narxlari muammolarini bunday nuqtalar qatorida tilga oldi.