G‘arb razvedkasi: Putin "bajarib bo‘lmaydigan talablar" qo‘ymoqda. Kreml barchasini inkor etmoqda.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda yon berishni xohlamayapti, deb xabar bermoqda Bloomberg.
G‘arb xavfsizlik xizmatlari vakillari agentlikka ma’lum qilishicha, Putin urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar arafasida ataylab "maksimalistik" talablarni ilgari surgan. Uning o‘zi bu talablar ukrainaliklar va yevropaliklar uchun qabul qilinmas bo‘lishi mumkinligini biladi. Ularning aytishicha, Rossiya rahbari o‘z maqsadiga erishmasa, urushni davom ettirishga tayyor.
G‘arb amaldorlarining baholashicha, Putin qat’iy pozisiyadan voz kechish uchun sabab ko‘rmayapti. Shu bilan birga, Donald Tramp urushni tugatish zarurligini ta’kidlashda davom etmoqda va hozircha uning ma’muriyati faqat Kiyevdan yon berishni talab qilmoqda. Shu sababli harbiy yordam va razvedka ma’lumotlari almashinuvi to‘xtatilgan. Moskvaga esa Vashington faqat vaqti-vaqti bilan qo‘shimcha sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda, shuningdek, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi deyarli to‘xtab qolgan savdo sharoitida ma’nosiz bo‘lgan bojxona to‘lovlari bilan qo‘rqitmoqda.
Bloomberg yozishicha, bu vaziyatda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘ziga taklif qilinayotgan shartlarni qabul qilishni xohlamaslikda ayblanishi va Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlashi bilan janglar davom etishi xavfi mavjud.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov agentlikka G‘arb maxsus xizmatlari bergan bahoni sharhlayotib, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u muzokaralar boshlanishi uchun aynan Ukraina zarur choralarni ko‘rishi kerakligini aytdi.