Rossiya prezidenti Vladimir Putin Italiyaning UniCredit guruhiga Rossiyadagi shu’ba bankini qayta tashkil etish va aksiyalarini sotishga ruxsat berdi. Rejaga ko‘ra, biznes ikkiga ajratiladi: bir qismi Italiya guruhi nazoratida qoladi, qolgan qismi esa BAAdagi investorga sotiladi.
5 oktyabr kuni e’lon qilingan farmoyish «YuniKredit Bank» tarkibidan alohida kompaniya ajratib chiqarish hamda bankning UniCredit’ga tegishli 100 foiz aksiyasi bilan bitim tuzishga ruxsat beradi.
Hujjatda ushbu bitimlar uchun Rossiya qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa ruxsat va kelishuvlarni olish talab etilmasligi belgilangan. Biroq ruxsat berilishi sotuv yakunlanganini anglatmaydi.
UniCredit 2026 yil 7 mayda Rossiyadagi faoliyatining bir qismini sotish bo‘yicha dastlabki, majburiy kuchga ega bo‘lmagan kelishuv imzolaganini ma’lum qilgan. Xaridor Birlashgan Arab Amirliklaridagi xususiy investor ekani aytilgan, ammo uning nomi oshkor etilmagan.
Guruhning rasmiy bayonotiga ko‘ra, Rossiyadagi bank faoliyatining bir qismi yangi yuridik shaxsga o‘tkaziladi. Yangi bankning barcha aksiyalari UniCredit’da qoladi, qolgan biznesni o‘z ichiga olgan bank esa xaridorga to‘liq sotiladi.
Italiya guruhi Rossiyadagi faoliyatini asosan xalqaro to‘lovlarga yo‘naltirmoqchi. Bunda sanksiyalarga tushmagan Rossiya va G‘arb korporativ mijozlarining, birinchi navbatda, yevro va AQSh dollaridagi operasiyalariga xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya bitimni 2027 yilning birinchi yarmida yakunlashni rejalashtirgan. Buning uchun majburiy kuchga ega hujjatlarni imzolash, biznesni ajratish jarayonini amalga oshirish va tegishli regulyatorlar talablarini bajarish zarurligi qayd etilgan.
UniCredit Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan keyin ham mamlakatda faoliyatini davom ettirgan yirik G‘arb banklaridan biri bo‘lib qoldi.