AQSh davlat kotibi Marko Rubio Afinadagi Akropol fonida nutq so‘zlab, Yevropani G‘arbning tanazzuliga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Rubio Yevropa va AQSh o‘zining iqtisodiy, texnologik hamda harbiy salohiyatini saqlab qolsagina dunyodagi yetakchi mavqeini asrab qolishi mumkinligini ta’kidladi.
«Bugun biz chorrahada turibmiz», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb hozir harakat qilmasa, kelajakda tanazzul va qaramlikka duch kelishi mumkin.
AQSh davlat kotibi milliy qadriyatlar va tarixga munosabat masalasiga ham to‘xtaldi. U G‘arb davlatlari o‘z yodgorliklarini olib tashlagani, tarixidan uyalishiga sabab bo‘lgan qarashlarni tarqatgani, shu bilan birga sanoatini xorijga ko‘chirib, harbiy salohiyatini susaytirganini tanqid qildi.
Rubioning fikricha, G‘arbda yuzaga kelgan bo‘shliqdan raqobatchi davlatlar foydalangan. Shu bois u Yevropa davlatlarini avvalgi avlodlarga xos yangilikka intilish va tavakkal qilish ruhini qayta tiklashga chaqirdi.
«Biz Yevropaning uzoq davom etgan “Uyqudagi go‘zal” uyqusidan uyg‘onib, ming yillar avval shu yerda yoqilgan olovni yana alangalatishi mumkinligiga ishonamiz», — dedi Rubio.
U Yevropa davlatlarining mudofaa xarajatlarini oshirayotganini bu jarayonning dastlabki belgilaridan biri sifatida qayd etdi.
Kuzatuvchilar Rubioning nutqini Tramp ma’muriyatining Yevropa davlatlarini Xitoy va boshqa raqobatchilar bilan global raqobatda yanada faolroq harakat qilishga undayotgan navbatdagi chaqiriqlaridan biri sifatida baholamoqda.