Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev aytganidek, «yangi Ukraina»ga aylanmasligini bildirdi. Bu haqda u jurnalistlar bilan brifingda ma’lum qildi.
«Armaniston — bu Armaniston va Armaniston boshqa hech narsaga aylanmaydi. Armaniston tobora Armaniston Respublikasiga, tobora suveren davlatga aylanib boradi!» — dedi Pashinyan.
Avvalroq Medvedev Eron Respublikasi davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida Armaniston tashqi siyosiy kursining o‘zgarishi mamlakat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Armaniston bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa — uning yangi Ukrainaga aylanishi».
Pashinyan Medvedevning bu bayonotini sharhlar ekan, u nima sababdan bunday fikr bildirganini tushunmaganini aytdi. Shu bilan birga, bosh vazir javobida Armanistonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mamlakat oldidagi majburiyatlarini bajarmagani haqida ham gapirdi.
So‘nggi bir necha yilda Moskva va Yerevan munosabatlari keskinligicha qolmoqda. May oyidan boshlab Rossiya Armanistonning turli mahsulotlari, jumladan, alkogolli ichimliklar, sabzavot, meva, baliq, sut va gullar importiga bosqichma-bosqich cheklovlar joriy qildi.
Birinchi cheklovlar 7 iyun kuni Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan biroz oldin paydo bo‘lgan. Nikol Pashinyan partiyasi g‘alaba qozonib, Yerevan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berganidan keyin cheklovlar soni yana ko‘paydi.
Iyul oyi boshida Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Armaniston uchun savdo imtiyozlarini kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Armaniston eksportining qariyb 80 foizi bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi mumkin. Shuningdek, mamlakat savdoni mustahkamlash va diversifikasiya qilish uchun 18 million yevro olishi kutilmoqda.
Bu vaziyat fonida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistondan Yevropa Ittifoqi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida tanlov qilish bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qildi. Yerevan esa o‘z mahsulotlarini boshqa bozorlarga, jumladan Yevropa bozoriga yo‘naltirishni boshladi.