Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29 may kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri mezbonlik qilgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) oliy kengashi yig‘ilishi yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun bayonot berdi.
Rossiya rahbari o‘z chiqishida mazkur tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar bilan sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlash Moskva uchun bosh ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini qayd etdi. «Bugungi kunda YEOII doirasida mahsulotlar, xizmat ko‘rsatish, kapital harakati hamda mehnat resurslari uchun yagona makon shakllantirildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tuzilma ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 95 milliard dollarga yetdi. E’tiborlisi, tashkilot ichidagi moliyaviy hisob-kitoblarning deyarli barchasi milliy valyutalarda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, a’zo davlatlar eng muhim oziq-ovqat turlari bo‘yicha mustaqillikka erishishni maqsad qilgan», — dedi Rossiya prezidenti.
Shu bilan birga, Vladimir Putin xalqaro kun tartibidagi masalalarga to‘xtalar ekan, Armaniston atrofidagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. «Moskva va Yerevan o‘rtasida tarixiy va o‘ziga xos aloqalar mavjud. Armaniston rahbariyatining G‘arb davlatlari bilan yaqinlashish borasidagi qarorlari ushbu munosabatlarga putur yetkazmaydi, deb umid qilamiz. Biroq Yevrosiyo ittifoqi sof iqtisodiy tuzilma ekanligini unutmaslik lozim. Agar Yerevan Yevropa Ittifoqi me’yorlariga o‘tishga qaror qilsa, biz iqtisodiy sohadagi o‘zaro integrasiya jarayonlarini to‘xtatishga majbur bo‘lamiz. Oqibatda mahalliy mahsulotlar, jumladan, arman vinosining tashqi bozori qay tarzda shakllanishi so‘roq ostida qoladi. Bundan tashqari, temiryo‘l tariflari va energiya tashuvchilar narxlari qayta ko‘rib chiqilishi, Rossiyada faoliyat yuritayotgan Armaniston fuqarolari uchun esa patent tizimi joriy etilishi mumkin. O‘z vaqtida Ukrainadagi inqiroz ham aynan Kiyevning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish urinishlari fonida boshlangan edi. Shu sababli YEOII Armaniston tomonidan tashkilotga a’zolik masalasida imkon qadar qisqa muddatda referendum o‘tkazilishini kutmoqda», — deya ta’kidladi u.
Qayd etish joizki, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ostonadagi ushbu sammitda ishtirok etmadi. Bundan avvalroq Yerevan rasmiylari mamlakatning tashqi siyosatda Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlik qilish yo‘lini tanlaganini ma’lum qilgan edi.