Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yil yanvar oyida kichik farzandlari uchun uch nafar guvernantkaning (tarbiyachi) maoshiga kamida 3,5 million rubl (49 ming dollar) sarflagan. Bu haqda “Sistema” loyihasi o‘zining tegishli surishtiruvida ma’lum qildi.
Jurnalistlar Putin va sobiq gimnastikachi Alina Kabayevaning o‘g‘illari bilan shug‘ullanadigan xodimlarning ishiga oid hujjatlar va yozishmalar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi. Putinning kenja farzandlari — Ivan (2015 yilda tug‘ilgan) va Vladimir (2019 yilda tug‘ilgan) 2026 yil boshiga ko‘ra, kamida uchta tarbiyachiga ega bo‘lgan. Bosniya va Gersegovina fuqarosi Sofiya.B, Germaniya fuqarosi Iren.E va Janubiy Afrika Respublikasi fuqarosi Kerol.R shular jumlasidandir.
Putinning bolalari bilan ishlaydigan ayol xodimlarga to‘lanadigan to‘lovlar individual tarzda, ishlagan soatlariga qarab hisoblanadi. Rasmiy ravishda, tarbiyachilar Putinning yaqin do‘sti Yuriy Kovalchuk va prezidentning qizi Mariya Voronsova bilan bog‘liq bo‘lgan “Sogaz” xalqaro tibbiyot markazi kasbiy qayta tayyorlash institutining “etakchi tarjimonlari” sifatida rasmiylashtirilgan. Bu ularga “yuqori malakali mutaxassislar” sifatida Rossiyada ishlash uchun viza va ruxsatnomalar olish imkoniyatini bergan.
"Atigi to‘qqiz yil ichida Putin va Kabayeva oilasida 20 ga yaqin o‘qituvchi ishlagan. Odatda bir vaqtning o‘zida bola bilan 4–6 kishi shug‘ullangan. Ularning bir qismi parallel ravishda, boshqa qismi esa bir-birini almashtirib ishlagan. Murabbiylar vazifasiga chet tillarini o‘rgatish ham kirgan. Uch yashar Ivanning dars jadvaliga ingliz va nemis tillari kiritilgan", deyiladi surishtiruv materialida.
Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, 2019 yilda tarbiyachilarga Ivan to‘rt yoshga to‘lguniga qadar doimiy ravishda “til muhiti”ga tushishi kerakligini aytilgan. Uning inglizcha nutqi “savodli yevropalikning nutqi” kabi ravon bo‘lishi talab etilgan. Nemis tilini o‘rgatishga ham shunga o‘xshash talablar qo‘yilgan.
Putin va Kabayeva farzandlarining ismlari va tug‘ilgan sanalari avvalroq “DosYE” markazi tomonidan aniqlangandi. Markaz surishtiruviga ko‘ra, Ivan va Vladimir asosan prezidentning Valdaydagi qarorgohida yashaydi.