Bugun, 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma bilan chiqdi. Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakat rivojining beshinchi ustuvor yo‘nalishi — ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga batafsil to‘xtaldi.
Sanoatni modernizasiya qilish va zararli chiqindilarni kamaytirish
Prezident atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida yirik korxonalar uchun 100 million AQSh dollarlik kredit liniyasi ochilishini ma’lum qildi. Ushbu mablag‘lar atmosfera havosiga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirish uchun filtrlar, tozalash inshootlari va chiqindilarni monitoring qilish stansiyalarini o‘rnatishga yo‘naltiriladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklari faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu hududlarda ko‘mir va gazda ishlaydigan qariyb 2 mingta issiqxona mavjudligi ta’kidlandi. Filtrsiz ko‘mir yoqiladigan qozonxonalardan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilgan. Bunday ob’ektlar poytaxt tashqarisiga ko‘chiriladi, issiqlik ta’minoti esa markazlashgan qozonxonalar orqali tashkil etiladi. Shu maqsadda kamida 200 gektar maydonga ega agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga o‘tmoqchi bo‘lgan issiqxonalarga alohida subsidiyalar ajratiladi.
Ekologik toza transportni rivojlantirish
Murojaatnomada avtotransport vositalari uchun ekologik stikerlar berish tizimini joriy etish e’lon qilindi. Qayd etilishicha, shahar tirbandliklari nafaqat aholining kundalik hayotini qiyinlashtiradi, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazadi. Xalqaro tajribani inobatga olgan holda, avtomobillar zararli chiqindilar darajasiga ko‘ra tasniflanadi va ularga mos ekologik stikerlar beriladi. Atrof-muhitga yuqori zarar yetkazuvchi transport vositalarining poytaxt, viloyat markazlari va shaharlarga kirishi cheklanadi.
Bunday avtomobillar egalari uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan. Xususan, eski transport vositasini yangisiga almashtirishda avtokredit foiz stavkasining bir qismi kompensasiya qilinadi. Shuningdek, chiqindilar hajmini kamaytirish uchun filtrlar o‘rnatishga tayyor bo‘lgan haydovchilarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.
Toshkent va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Avtobus va taksilar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklar tarmog‘i kengaytiriladi, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida esa intellektual svetoforlar asosidagi harakatni boshqarish tizimi joriy etiladi.
Murojaatnomaning alohida qismi elektromobillardan foydalanishni rag‘batlantirishga bag‘ishlandi. Ekologik toza transport vositalari sonini oshirishga qaratilgan besh yillik dastur amalga oshiriladi. Dastur doirasida mahalliy elektromobillar uchun avtokreditlar 12 foiz, import elektromobillar uchun esa 16 foiz stavkada taqdim etiladi. Zaryadlash stansiyalarini tashkil etayotgan tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, shuningdek, yer uchastkalarini auksionlarda bozor narxidan ikki baravar arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi. Elektromobillarni quvvatlashda 1 kilovatt-soat uchun 300 so‘mdan oshgan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Elektromobillarda taksi xizmatini ko‘rsatayotgan fuqarolar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar belgilangan.
Yashil hududlarni kengaytirish
Chang-to‘zonlarining oldini olish maqsadida Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda “yashil makon” hududi barpo etiladi, Sirdaryo viloyatida esa 84 kilometr uzunlikdagi “yashil devor” tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida jami 250 ming gektar maydonda, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari, shuningdek, kamida 20 ta soya-salqin sayr yo‘laklari barpo etilishi rejalashtirilgan.