Polshadagi FrontStory nashri Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto o‘rtasidagi suhbat audiosi deb ta’riflanayotgan yozuvni e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat 2024 yil 30 avgust kuni, Siyyarto Sankt-Peterburgdan Budapeshtga qaytganidan bir soat o‘tgach bo‘lib o‘tgan. Audioyozuvda Lavrov Siyyartoga Alisher (nashrga ko‘ra, rossiyalik oligarx Alisher Usmonov nazarda tutilmoqda) iltimosini eslatadi — u Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatidan o‘z singlisi Gulbahor Ismoilovani chiqarishda yordam so‘ragan.
«Biz slovaklar bilan birgalikda uni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga taklif kiritmoqdamiz. Uni kelasi hafta taqdim etamiz. Yangi ko‘rib chiqish davri boshlanishi bilan bu masala kun tartibiga kiritiladi va biz uni ro‘yxatdan chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», — deya javob beradi Vengriya amaldori.
FrontStory ta’kidlashicha, bu jurnalistik surishtiruvning birinchi qismi bo‘lib, boshqa bir suhbatda Siyyarto Rossiya energetika vaziri o‘rinbosariga Yevropa Ittifoqi sanksiyalar paketini bekor qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini va Rossiya kompaniyalariga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishni taklif qilgan.
Ayni paytda mazkur audioyozuv Yevropa va Ukraina matbuotida keng muhokama etilmoqda.