Bugun 10 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Prezident: “Har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanadi”

Prezident: “Har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanadi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida so‘zga chiqib, bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda mintaqa davlatlarining birlashgan sa’y-harakatlari muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Prezident avvalo mintaqa va jahonda xavfsizlikka tahdid solayotgan holatlarga e’tibor qaratdi.

Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan so‘nggi voqealar yuzasidan munosabat bildirdi.

Bu borada Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni mintaqadagi tinchlikni ta’minlash sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida qayd etdi.

“Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz”, dedi davlat rahbari.

Prezident dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqirdi.

G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitda qiynalayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, BMT rezolyusiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tuzish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari iqtisodiy masalalarga o‘tar ekan, “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konsepsiyasini qabul qilishni taklif qildi.

Bu hujjat orqali savdo, investisiya, transport, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligidan tortib innovasiyalar va raqamli texnologiyalar sohasigacha hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutiladi.

Prezident nutqida hozirgi kunda IHT davlatlari o‘zaro savdosining past darajada ekanini ta’kidlar ekan, bu yo‘nalishda Toshkentda savdo vazirlari uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha “yashil yo‘laklar” tizimini joriy etish, “Ekoinvest” dasturini amalga oshirish va xususiy sarmoyalarni keng jalb qilish tashabbuslari ham ilgari surildi.

Prezident transport va logistika sohasi istiqbollariga to‘xtalar ekan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini muhim strategik qadam sifatida qayd etib o‘tdi.

“Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi”, dedi davlat rahbari.

Yana bir muhim jihat. Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovasion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va turizm-aviasiya sohalarida integrasiyalashgan marketing strategiyalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ushbu masalalar yuzasidan Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda o‘tkazish, shuningdek, turizm xizmatlarini rivojlantirish va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqish takliflari ham Prezident nutqida alohida o‘rin egalladi.

Kiritildi: 18:02 04.07.2025. O'qildi: 658 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!