Eronning Mehr axborot agentligi e’lon qilgan video 175 kishi, jumladan ko‘plab bolalar halok bo‘lgan Minobdagi maktabga Qo‘shma Shtatlarning Tomahawk raketasi urilganini ko‘rsatadigan dalillarni yanada bir bor tasdiqladi.
The New York Times tomonidan tekshirlgan videoda 28 fevral kuni Minob shahrida maktab yonidagi harbiy bazaga Tomahawk qanotli raketasi kelib urilgani tasvirlangan. Mojaroda qatnashayotgan kuchlar orasida Tomahawk raketalaridan faqat AQSh harbiylari foydalanadi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi 28 fevral kuni dengiz floti kemalaridan bir nechta Tomahawk raketalari uchirilgani haqida video e’lon qildi. Aynan o‘sha kuni Minobdagi baza va maktabga zarba berilgan.
"Biz, albatta, tekshiruv olib boryapmiz, ammo tinch aholini nishonga oladigan yagona tomon bu – Eron", — degandi Pentagon rahbari Pit Hegset.
Donald Tramp esa mazkur zarba uchun Eronni mas’ul deb hisoblashini aytgan.
"Men ko‘rgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishni eronliklar qilgan. Bizningcha, buni eronliklar qilgan... Bilasizki, ularning o‘q-dorilari juda noaniq. Ularda aniqlik umuman yo‘q. Buni Eron qilgan", —degandi AQSh prezidenti.